Orqaga
Calendar icon

Adaptiv sport va jismoniy tarbiya sohasida xalqaro vebinar o‘tkazildi

San’at va sport fakulteti Jismoniy madaniyat kafedrasi tomonidan “Universitetda adaptiv jismoniy tarbiya va sport: sog‘ligida imkoniyatlari cheklangan talabalar bilan ishlash” mavzusida xalqaro vebinar tashkil etildi. Tadbir universitet miqyosida o‘tkazilgan ilk xalqaro onlayn platformalardan biri bo‘lib, unda Rossiyaning Yelabuga instituti (Qozan) va Povoljsk pedagogika universiteti (Tatariston) professorlari bilan birgalikda QDU jismoniy madaniyat kafedrasi professor-o‘qituvchilari va magistrlar faol qatnashdi.

Vebinar davomida ishtirokchilar adaptiv jismoniy tarbiya sohasidagi zamonaviy metodikalarni muhokama qildilar, sog‘ligida imkoniyati cheklangan talabalar bilan samarali sport mashg‘ulotlarini tashkil etish yo‘llari bo‘yicha tajriba almashdilar. Shuningdek, xalqaro tajriba va amaliyotlar asosida innovatsion yondashuvlar, texnologiyalar va mashg‘ulot usullari muhokama qilindi.

Tadbir davomida professorlar o‘z ma’ruzalari orqali talabalarning jismoniy rivojlanishi, salomatligini mustahkamlash va ijtimoiy moslashuvini oshirishga qaratilgan amaliy maslahatlar bilan bo‘lishdilar. Magistrlar va yosh o‘qituvchilar esa zamonaviy adaptiv texnikalarni amaliy mashg‘ulotlar orqali namoyish etdilar.

Shu bilan birga, vebinar ishtirokchilari o‘zaro fikr almashib, kelgusida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan qimmatli takliflar berishdi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar bunday xalqaro onlayn platformalarning universitetda inkluziv ta’lim va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishda muhim vosita ekanligini ta’kidlashdi.

Mazkur vebinar nafaqat ilmiy va pedagogik ahamiyatga ega bo‘lib, balki talabalarning jismoniy rivojlanishi va sportdagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy natijalarni beruvchi tadbir sifatida e’tirof etildi.