Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universitetida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

Yurtimizda 2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari izchil davom etmoqda. Qo‘qon davlat universitetida esa kasbiy (ijodiy) imtihonlar ilk kunlardanoq faol va yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Jismoniy madaniyat yo‘nalishiga hujjat topshirgan 405 nafar abituriyent belgilangan tartibda nazariy va amaliy ko‘nikmalar asosida sinovlardan o‘tmoqda. Talabgorlarga teng va shaffof muhit yaratish maqsadida universitet sport zalida maxsus maydonlar tayyorlangan.

Shuningdek, belbog‘li kurash yo‘nalishi bo‘yicha ham ijodiy imtihonlar o‘tkazilmoqda. Bu sport turi bo‘yicha nomzodlar kurash texnikasi, jismoniy tayyorgarlik, chaqqonlik va bardoshlilik bo‘yicha sinovdan o‘tishmoqda. Baholash jarayonlari malakali trenerlar va mutaxassislar tomonidan adolatli mezonlar asosida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, universitetda milliy madaniyatimizni asrab-avaylash va rivojlantirish maqsadida an’anaviy xonandalik yo‘nalishiga qabul ham yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur yo‘nalishda iste’dodli yoshlarimizning ovoza va musiqiy saviyasi, ijrochilik madaniyati, sahnadagi o‘zini tutishi kabi jihatlar e’tiborga olinmoqda. Imtihonlar jonli ijroda o‘tkazilib, hakamlar hay’ati tarkibiga san’at sohasining tajribali ustozlari jalb etilgan.

Imtihon jarayonlari ochiqlik, xolislik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilmoqda. Foto va videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda muntazam yoritilmoqda. Bu esa nafaqat ota-onalar, balki keng jamoatchilik orasida ham ijobiy taassurot uyg‘otmoqda.

Qo‘qon davlat universiteti kasbiy (ijodiy) imtihonlarni yuqori saviyada tashkil etish orqali har bir yoshning iste’dodi va salohiyatini aniqlashga, ularni to‘g‘ri yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratmoqda.