Chexiya Respublikasi Liberes universiteti delegatsiyasi mehmon bo‘ldi
Qo‘qon davlat universitetiga Chexiya Respublikasining nufuzli ta’lim muassasalaridan biri — Liberes universiteti rasmiy delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva qabul qildi. Uchrashuvda Liberes universiteti rektori Prof. RNDr. Miroslav Brzezina hamda universitet prorektori Prof. Aleš Kochourek ishtirok etdilar.
Suhbat chog‘ida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik almashinuvni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrifning asosiy maqsadi — universitetlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro tajriba almashish orqali ta’lim sifatini yanada oshirishdan iboratdir.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Mazkur hujjat ikki oliygoh o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ta’limiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, qo‘shma dasturlarni amalga oshirish uchun huquqiy asos yaratadi.
Tashrif Qo‘qon davlat universitetining xalqaro hamkorlik sohasidagi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etib, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.