Qoʻqon davlat universiteti Finlyandiya bilan xalqaro hamkorlikni kengaytiradi
Qoʻqon davlat universiteti va Prime Education Finland (Finlyandiya) oʻrtasida taʼlim, ilmiy tadqiqot hamda madaniy almashinuv sohalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Maʼlumki, Finlyandiya taʼlim tizimi bugungi kunda dunyoda eng ilgʻor va samarali tizimlardan biri sifatida eʼtirof etiladi. Mazkur hamkorlik Qoʻqon davlat universiteti uchun nafaqat xalqaro aloqalarni kengaytirish, balki Finlyandiyaning innovatsion taʼlim tajribasidan oʻrganish va uni milliy taʼlim amaliyotiga mos ravishda tatbiq etish imkoniyatini ham beradi.
Memorandum ikki taʼlim muassasasi oʻrtasida uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, talabalar, professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar uchun yangi ilmiy-akademik imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida quyidagi yoʻnalishlarda ish olib borilishi belgilangan:
• ikki tomonning akkreditatsiya va malaka talablariga mos qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish;
• oʻquv fanlari boʻyicha kredit tizimi asosida oʻzaro tan olish va shaffoflikni taʼminlash;
• bakalavr va magistr talabalarini tajriba almashish va ilmiy izlanishlar uchun yuborish;
• professor-oʻqituvchilarni maʼruza oʻqish va ilmiy faoliyat uchun almashish;
• taʼlim va ilmiy materiallar, kutubxona manbalari va nashrlarni almashish;
• qoʻshma konferensiyalar, seminarlar va vorkshoplar tashkil etish.
Hujjatni Prime Education Finland direktori, doktor Ilhom Xalimzoda va Qoʻqon davlat universiteti rektori, professor Dilnoza Xodjayeva Shavkatovna imzoladilar.
Mazkur memorandum Qoʻqon davlat universitetining xalqaro taʼlim maydonidagi nufuzini oshirish, Yevropa taʼlim tizimiga integratsiyalashuv jarayonini jadallashtirish hamda Finlyandiyaning ilgʻor tajribasiga tayangan holda zamonaviy o‘quv jarayonlarini takomillashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.