Vakillarimiz Skandinaviyada malaka oshirmoqda
Mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va xorijiy tajribalarni oʻrganish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Shu doirada Qoʻqon davlat universiteti Taʼlim jarayonini tashkil etish boʻlimi boshligʻi Rustamjon Anorov, Informatika kafedrasi dotsenti Rashid Turgʻunbayev, shuningdek, Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi katta oʻqituvchisi Eldorbek Xusanovlardan iborat professor-oʻqituvchilar guruhi 22-sentyabrdan 2-oktyabrgacha Finlyandiya va Shvetsiyada malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda.
Mazkur dastur doirasida ular taʼlim sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda oʻquv jarayoniga zamonaviy metodlarni joriy etish yoʻnalishida bilim va koʻnikmalarini oshirishmoqda.
Ushbu safar Qoʻqon davlat universiteti professor-oʻqituvchilarining malakasini yuksaltirish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va eng muhimi, universitetning xalqaro tajribalarni oʻrganishga qaratayotgan yuksak eʼtiborining amaliy ifodasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.