Orqaga
Calendar icon

Xalqaro tajriba va milliy qadriyatlar talabalarga ilhom manbai bo‘ldi

Qo‘qon davlat universiteti Xorijiy filologiya fakulteti Xorijiy tillar metodikasi kafedrasi tashabbusi bilan o‘z yurtimizdan chiqib, xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozongan vatandoshimiz Visola Haydarova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Visola Haydarova — Qo‘qonda tug‘ilib, bugungi kunda Italiyadagi Trieste shahrida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassis. Uchrashuv davomida u Adria UWC (United World College of the Adriatic) ta’lim muassasasida grant asosida o‘qish yo‘lida bosib o‘tgan qadamlari, dunyoning 80 dan ortiq mamlakatidan kelgan talabalar bilan birgalikda o‘qish tajribasi hamda keyinchalik Trieste universitetida adabiyot yo‘nalishida tahsil olgan davrlari haqida samimiy hikoya qilib berdi.

Uchrashuvda Haydarova xorijdagi hayot tarzi, yashash sharoitlari, shuningdek, hozir faoliyat olib borayotgan North Sails jamiyatining faoliyati haqida so‘zlab berdi. Mazkur jamiyat dunyodagi eng yirik yelkanli regattalardan biri — Barcolana musobaqasini tashkil etuvchi yetakchi xalqaro markazlardan sanaladi. Shuningdek, u sport va madaniy almashinuv orqali turli xalqlarni birlashtirishga qaratilgan tadbirlarda ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Visola Haydarova o‘z nutqida United World Colleges (UWC) harakatining asosiy tamoyillari — ta’lim orqali insonlarni, xalqlarni va madaniyatlarni birlashtirish, tinchlik va barqaror kelajak uchun xizmat qilish g‘oyalari haqida so‘z yuritdi. U xalqaro talaba muhitida empatiya, mas’uliyat va o‘zaro hurmat qadriyatlari shakllanishi yoshlar ongida ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratishini ta’kidladi.

Shuningdek, talabalarning turli milliy madaniyatlarni namoyish etadigan National Weeks loyihasi xususida ham fikr bildirildi. Uchrashuv davomida Haydarova O‘zbekistonning boy madaniyati, urf-odatlari va milliy qadriyatlarini targ‘ib etishda faol ishtirok etgani haqida gapirdi.

Visola Haydarova o‘zining UWC Adriatic davrida amalga oshirgan ijtimoiy xizmatlari haqida ham to‘xtaldi. U mahalliy maktablarda o‘quvchilar bilan uchrashib, O‘zbekiston va o‘zbek madaniyati haqida ma’lumot berganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, UWC tizimidagi tutorlik tizimi, ya’ni har bir talabaning akademik va shaxsiy masalalarida ko‘maklashadigan murabbiy biriktirilishi uning hayotida muhim rol o‘ynaganini qayd etdi.

Tadbir yakunida kafedra a’zolari bunday uchrashuvlar yoshlar uchun katta ilhom manbai ekanini ta’kidlab, Haydarovaga minnatdorlik izhor etdilar.