Riga forumi: Qoʻqon davlat universiteti xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
Bugun Latviya poytaxti Riga shahrida Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasida ilk bor taʼlim forumi oʻtkazildi. Unda ikki mamlakat oliy taʼlim vazirliklari vakillari, shuningdek, 50 ga yaqin yetakchi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forumda Qoʻqon davlat universiteti rektori, professor Dilnoza Xodjayeva oʻz maʼruzasi bilan qatnashib, Oʻzbekiston va Latviya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, bilimli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlovchi yoshlarni tarbiyalash uchun keng imkoniyatlar yaratish masalalariga toʻxtaldi. Shuningdek, universitetning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nigora Qodirova ham forumda ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Latviya nufuzli universitetlaridan biri Ventspils amaliy fanlar universiteti hamda Qoʻqon davlat universiteti oʻrtasida malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirish, xorijiy professorlarni o‘quv jarayonlariga jalb etishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Ventspils amaliy fanlar universiteti rektori Andris Vaivads bilan muzokaralar yakunida universitetlar oʻrtasida taʼlim sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ham belgilab olindi.