"QDU" peshqadam ustidan yorqin gʻalabaga erishdi
Fargʻona viloyati ikkinchi liga chempionatining 8-tur bahsi chinakam futbol jangiga aylandi. Bu galgi uchrashuv Qo‘qon davlat universiteti jamoasi uchun sinov, chempionat karvonboshisi uchun esa jiddiy to‘siq bo‘ldi.
Qo‘shtepa tumanida o‘tgan uchrashuvda "QDU" futbol jamoasi turnir jadvalida 16 ochko bilan peshqadamlikni qo‘lga kiritib kelayotgan "Baland masjid" jamoasiga qarshi maydonga tushdi. O‘yin boshlanishidan avval ham ushbu bahs chempionatning eng muhim va qiziqarli uchrashuvlaridan biri bo‘lishi kutilayotgandi. Biroq hech kim "QDU" jamoasining shunchalik kuchli va taktikalarga boy o‘yin ko‘rsatishini kutmagan edi.
O‘yinda universitet vakillari 1:3 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritib, peshqadamni mag‘lub etdi. Bu nafaqat uch ochko, balki turnir jadvalidagi muhim burilish, jamoaning ruhiy tayyorgarligi va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqining yorqin isboti bo‘ldi.
Qo‘lga kiritilgan bu g‘alaba bejiz emas. "QDU" jamoasi tarkibida o‘ynayotgan yigitlarning aksariyati universitet talabalari bo‘lishiga qaramay, ular jismonan bardam, taktik jihatdan yetuk va eng muhimi, g‘alabaga chanqoq ekanliklarini amalda isbotlashdi.
"Raqib kuchli edi. Ammo biz bu o‘yinga jiddiy tayyorlandik. Talabalarimizning yuragida faqat bitta narsa bor edi — universitet nomini munosib himoya qilish. Bu g‘alaba jamoamiz ruhining, birligining natijasidir", — deydi "QDU" jamoasi boshligʻi Usmon Sultonov.
Endi “QDU” futbolchilari uchun har bir keyingi oʻyinlar yanada mas’uliyatli va muhim bo‘ladi.