Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!
Mamlakatimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!” shiori ostida keng ko‘lamli xayriya hasharlari o‘tkazilmoqda. Ushbu ezgu tashabbusga Qo‘qon davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari ham faol qo‘shilib, obodonlashtirish ishlarida munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Hashar jarayonida talabalar turar joylari hududi va uning atrofidagi yo‘laklar tartibga keltirilmoqda. Daraxt va gulzorlar parvarish qilinib, yashil hududlar yanada ko‘rk bag‘ishlamoqda. Talabalar tomonidan chiqindilar yig‘ishtirilib, hudud tozalanmoqda, yaroqsiz jihozlar olib chiqilib, yangilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik va hamjihatlik ruhida tashkil etilgani e’tiborga molik. Bu esa nafaqat talabalarga qulay sharoit yaratmoqda, balki ularning ekologik madaniyatini yuksaltirishga, jamoaviy mas’uliyatini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Mazkur hasharlarda universitetning yuzlab talabasi, professor-o‘qituvchilari faol qatnashib, o‘zlari yashab-o‘qiydigan muhitni yanada chiroyli, toza va fayzli qilishga hissa qo‘shmoqdalar.
“Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!” shiori ostidagi bu kabi xayriya hasharlari kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.