Tarix kafedrasi — yetakchi maqomda
Qoʻqon davlat universitetining Tarix kafedrasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) roʻyxatida yetakchi tashkilot sifatida belgilandi. Bu qaror kafedraning ilmiy faoliyatidagi yuqori samaradorlik, professor-oʻqituvchilarning ilmiy izlanishlari va tarixshunoslik sohasiga qoʻshgan katta hissasining eʼtirofi sifatida qabul qilindi.
Soʻnggi yillarda Tarix kafedrasi nafaqat talabalarga chuqur bilim berish, balki ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, tarixiy manbalarni oʻrganish va ularni ilmiy jamoatchilikka yetkazishda ham muhim natijalarga erishib kelmoqda. Kafedra olimlari tomonidan tayyorlangan ilmiy maqolalar, monografiyalar va oʻquv qoʻllanmalar mamlakat va xorijdagi yetakchi ilmiy nashrlarda chop etilmoqda.
OAK tomonidan yetakchi tashkilot maqomini berilishi — bu kafedraning kelajakdagi ilmiy loyihalarini yanada kengaytirish, yosh olimlarni tayyorlash va ilmiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun katta imkoniyat yaratadi.