Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universitetida “Zamonaviy qizlar davrasi” bellashuvi bo‘lib o‘tdi

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Qo‘qon davlat universiteti Filologiya fakultetida talaba qizlar o‘rtasida “Zamonaviy qizlar davrasi” mavzusida ijodiy va bilimga asoslangan bellashuv o‘tkazildi.

Tadbirning maqsadi — yosh avlod, ayniqsa talaba-qizlarni zamonaviy bilimlar, kitobxonlik, tadbirkorlik g‘oyalari va iqtidorini namoyon etishga undash, ularni ma’naviy va intellektual jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.

Bellashuv to‘rt shart bo‘yicha o‘tkazildi:

“Guruhni tanishtirish” — ishtirokchilar “Zamonaviy qiz kim?” mavzusida o‘z qarash va tasavvurlarini sahna ko‘rinishlari, she’r orqali ifodalashdi. Har bir jamoa zamonaviy ayolning bilimdon, faol, tashabbuskor va milliy qadriyatlarni qadrlaydigan obrazini yorqin aks ettirdi.

“Zamonamiz kitobxoni” — bu shartda talabalar kitobxonlik bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazib, o‘qigan asarlari, mualliflar hayoti va ijodi haqida javob berdilar. Shu orqali kitob o‘qishning inson tafakkuri va dunyoqarashini boyitishdagi ahamiyatini targ‘ib qildilar.

“Biznes g‘oya (yoki StartUp g‘oya)” — qatnashchilar o‘zlarining zamonaviy tadbirkorlikka oid innovatsion takliflarini taqdim etdilar.

“O‘zliging namoyon qil” — bellashuvning eng rang-barang va hissiyotga boy qismi bo‘lib, unda guruh a’zolari o‘zining shaxsiy iste’dodini namoyish qildilar.

Bellashuv yakunida tashkilotchilar bu kabi tadbirlar yoshlar uchun nafaqat o‘z qobiliyatini namoyon qilish maydoni, balki do‘stlik, hamkorlik va o‘z ustida ishlashga undovchi maktab bo‘lishini ta’kidlashdi.