Orqaga
Calendar icon

Bitiruvchilar bandligi – oliygoh obro‘sining hal qiluvchi mezoniga aylanadi

Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda yurtimiz oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish borasida juda muhim vazifalar belgilab berildi. Mazkur yig‘ilishda bildirilgan fikr va topshiriqlar har birimiz uchun yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun 40 ta oliygohga berilgan moliyaviy mustaqillik o‘z samaralarini bera boshladi. Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlardagi oliygohlar, xususan, muhandislik, STEM, qishloq xo‘jaligi va veterinariya yo‘nalishlarida daromad topish, ilmiy ishlanma va amaliy loyihalar orqali mablag‘ jalb etish borasida hali yetarli tajriba va natijaga ega emasligi ta’kidlandi.

Shundan kelib chiqib, rektorlar ushbu yo‘nalishda yanada faol bo‘lishimiz, bozor talablarini chuqur o‘rganib, ularga mos innovatsion yechimlar ishlab chiqishimiz, yangi hamkorlar topishimiz hamda xalqaro grant va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha izchil ish olib borishimiz lozim. Buning uchun ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, talabalar va yosh olimlarni amaliy loyihalarga keng jalb etish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ta’lim va ishlab chiqarishning uzviy bog‘liqligi – kelajak muvaffaqiyatining eng muhim garovidir. Bugungi globallashuv davrida har bir oliy ta’lim muassasasi nafaqat nazariy bilim berishi, balki talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni bozor talablariga tayyorlash borasida faol bo‘lishi zarur.

Yurtimizdagi 25 ta muhandislik yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida 438 ta kafedraning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkor korxonalarda faoliyat yuritayotgani – barchamiz uchun amaliy namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu tajriba talabalarni o‘qish davridayoq ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish, ularni real ish sharoitiga tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Kelgusida tarmoq korxonalarimiz bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, kafedra filiallarini ko‘paytirish va talabalarni ta’limning ilk bosqichlaridan boshlab ishlab chiqarish amaliyotiga jalb etish ishlarini jadallashtiramiz.

Ishonamizki, oliygoh va ishlab chiqarish o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik tufayli biz ertangi kunning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh, fidoyi mutaxassislarini yetishtiramiz. Bu esa nafaqat universitetlarning, balki butun mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining vakolatlari kengaytirilishi, universitetlarning tashkiliy va akademik mustaqillikka ega bo‘lishi alohida ta’kidlandi. Bu yondashuv oliygohlar faoliyatini zamon talablariga mos ravishda tezkor va samarali tashkil etish, byurokratik to‘siqlarsiz rivojlanish strategiyalarini amalga oshirish imkonini beradi.

Endilikda biz professor-o‘qituvchilar tarkibini mustaqil shakllantirish, eng malakali mutaxassislarni jalb etish va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Rektorlarda “super” kontrakt miqdorlarini tabaqalashtirish orqali talabalar uchun qulayroq shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli yoshlar uchun esa qo‘shimcha imtiyozlar belgilash imkoniyati yuzaga keladi.

Shuningdek, yangi ta’lim dasturlari va zamonaviy o‘quv kurslarini tezkor joriy etish, xalqaro talab va me’yorlarga mos o‘quv rejalari ishlab chiqish imkoniyati kengayadi. Bu esa mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan, amaliy ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash jarayonini tezlashtiradi.

Biroq ushbu erkinlik bilan birga natijadorlik bo‘yicha javobgarlik ham ortadi. Har bir qaror, har bir tashabbus, har bir yangilik oliygoh reytingi, bitiruvchilar bandligi, ilmiy natijalar va ta’lim sifati orqali baholanadi. Demak, kengaytirilgan vakolatlar – bu nafaqat imkoniyat, balki yuksak mas’uliyatdir.

Endilikda oliygohlar reyting tizimida bitiruvchilar bandligi ko‘rsatkichi 40 ball bilan baholanadigan bplmoqda. Bu juda katta mas’uliyat bo‘lib, bizdan nafaqat diplom topshirishni, balki har bir bitiruvchimizning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlanishini kafolatlashni talab etadi. Demak, bitiruvchilar taqdiri – bizning eng muhim natijamiz va oliygoh obro‘sining asosiy mezonidir.

Shu maqsadda yaqin kunlarda Qo‘qon davlat universitetida “Karera markazi” faoliyati yanada kuchaytiriladi. Markaz nafaqat bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etuvchi tuzilma sifatida, balki talabalar va bitiruvchilar uchun to‘laqonli karera yo‘riqchisi, malaka oshirish va mehnat bozoriga moslashish bo‘yicha maslahat markaziga aylantiriladi.

Bunda xususiy sektor, ishlab chiqarish korxonalari, startap loyihalar va xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlik doirasini kengaytirish ustuvor vazifa etib belgilanadi. Zamonaviy onlayn platformalar va ma’lumot bazalaridan keng foydalanish, xalqaro karera portallariga ulanish orqali bitiruvchilarimiz uchun yangi ish imkoniyatlari yaratiladi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ishga joylashtirish jarayonida eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan kafedralar va fakultetlar moddiy rag‘batlantiriladi. Bu tizim professor-o‘qituvchilarni ham bitiruvchilar taqdiriga befarq bo‘lmaslikka, ularning malaka va bilimlarini ish beruvchilar talabiga moslashtirishga undaydi.

Ishonchimiz komilki, mazkur chora-tadbirlar tufayli universitetimiz bitiruvchilari nafaqat ish topadi, balki o‘z kasbiy faoliyatida muvaffaqiyat qozonadi, iqtisodiyotimizning har bir sohasida yetakchi o‘rinlarni egallaydi.

Ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmalarini jalb etish, amaliy ishlanmalarni tijoratlashtirish, xalqaro nufuzli jurnallarda maqolalar chop ettirish hamda xalqaro va milliy grantlarni qo‘lga kiritish – endilikda oliygoh moliyalashtirishining eng muhim ustunlaridan biriga aylanmoqda. Bu nafaqat universitet byudjetini mustahkamlash, balki ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro maydonda tan olinishi va oliygoh brendini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarni Scopus, Web of Science kabi xalqaro bazalarda indekslanadigan jurnallarda ilmiy maqolalar e’lon qilishga rag‘batlantirish, grant loyihalarida ishtirok etish uchun zarur sharoitlarni yaratish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanadi. Natijada, universitet ilmiy izlanishlari bozor talablari va xalqaro standartlarga mos holda rivojlanadi, bu esa ta’lim sifatiga ham bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Prezidentimiz tomonidan 92 ming nafar bitiruvchini ishga joylashtirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab berildi. Bu topshiriq oliygohlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi va bitiruvchilar taqdiriga bevosita ta’sir qiluvchi muhim strategik vazifa hisoblanadi.

Yig‘ilishda uyushmagan, turli sabablarga ko‘ra o‘qishdan chetlatilgan yoshlarni jamiyatga qaytarish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Bu masala nafaqat ta’lim tizimi, balki butun jamiyat oldida turgan dolzarb vazifadir. Chunki har bir yoshning o‘z o‘rnini topishi, ijtimoiy hayotga faol kirib borishi — mamlakatimiz kelajagi uchun beqiyos ahamiyatga ega.

Ushbu yo‘nalishda mahalla fuqarolar yig‘inlari, tuman va shahar hokimliklari, Yoshlar ishlari agentligi, bandlik va boshqa tegishli idoralar bilan yaqindan hamkorlik qilinadi. Bunday yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish, xorijiy tillar va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmalar berish, tadbirkorlik asoslari bilan tanishtirish kabi amaliy loyihalarni hayotga tatbiq etamiz.

Bu jarayonda nafaqat ta’lim, balki ularning ijtimoiy moslashuvi, psixologik qo‘llab-quvvatlash va mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga yordam berish ham asosiy vazifa bo‘ladi. Ishonamizki, bunday tashabbuslar orqali ko‘plab yoshlar hayotga yangidan maqsadlar bilan qaytadi, o‘zining istiqbolli kelajagini qurish imkoniga ega bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar bizdan faollik, tashabbuskorlik va natijadorlikni talab qiladi. Biz birgalikda oliygohlarimizni butun mamlakat miqyosida yetakchi ta’lim va ilm-fan markaziga aylantirishimizga ishonaman.

Dilnoza Xodjayeva, Qo‘qon davlat universiteti rektori.

UzA