Munozarada ustunlik – “Kreativ” jamoasida
Qo‘qon davlat universitetida yoshlarning tafakkur salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi. “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilgan Munozara tanlovida “Kreativ” va “To‘maris” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Bellashuv davomida jamoalar “Tasdiq” va “Inkor” pozitsiyalarida dolzarb mavzular yuzasidan bahsga kirishib, o‘z fikr-mulohazalarini asosli dalillar, lo‘nda tahlillar va dadil savollar bilan bayon etdilar. Tomoshabinlar va hakamlar hay’ati tomonidan baholangan bellashuvda har ikki jamoaning bilim darajasi, nutq madaniyati va bahs yuritish ko‘nikmalari yuksak bahoga loyiq deb topildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv yakunida “Kreativ” jamoasi kichik ustunlik bilan g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, bunday musobaqalar talabalarda nafaqat analitik fikrlash, balki jamoada ishlash, tinglash, qarshi fikrni to‘g‘ri qabul qilish kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Eng asosiysi esa – bu kabi tadbirlar ertangi kun liderlarini tarbiyalaydi!