Xalqaro hunarmandchilik festivali oldidan tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi
Joriy yilning 19–21-sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan III Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Qo‘qon davlat universitetida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishga universitetning birinchi prorektori Ahmadjon Husanov boshchilik qildi.
Yig‘ilishda festivalga mezbonlik qiluvchi shahar hududida, xususan, universitet atrofidagi ko‘chalar va jamoat joylarini obodonlashtirish, ularni festival ruhiga mos holga keltirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi. Mas’ul xodimlarga ko‘chalarni tartibga keltirish, tozalikni saqlash va umumiy muhitni estetik jihatdan yaxshilash borasida aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishdan so‘ng ishchi guruh tomonidan universitet atrofidagi ko‘chalar ko‘zdan kechirildi. Tashrif davomida bir qator amaliy vazifalar – reklama bannerlarini yagona andozaga keltirish, piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash, binolar fasadlarini yangilash, tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish hamda chiqindilar uchun maxsus idishlar sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur ishlar Qo‘qon shahrining tarixiy-obodon qiyofasini saqlab qolgan holda mehmonlar uchun qulay va chiroyli muhit yaratishga qaratilgan bo‘lib, xalqaro miqyosdagi festivalga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rishning muhim bosqichi hisoblanadi.