Qo‘qon davlat universiteti targ‘ibot guruhi Uchko‘prik va Rishton tumanlarida boʻldi
Qo‘qon davlat universitetining Pedagogika fakulteti dekan oʻrinbosari Dilafruz Rahmatullayeva va faol talabalardan iborat tashviqot guruhi Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik va Rishton tumanlariga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad – oliy ta’lim muassasasi faoliyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda abituriyentlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Ushbu tashrif davomida targ‘ibot guruhi mazkur hududlardagi ta’lim miassasalarida bo‘lib, yoshlar bilan ochiq va samimiy suhbatlar o‘tkazishdi. Suhbatlar davomida Qo‘qon davlat universitetining tarixi, fakultetlar va yo‘nalishlar to‘g‘risida keng ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga 2025/2026-o‘quv yili uchun qabul jarayonining tartibi, yoʻnalishlarni tanlash, tanlov ustuvorligi tushunchalari haqida ma’lumotlar yetkazildi. Universitetdagi kunduzgi, masofaviy va kechki ta’lim shakllari, talabalar turar joyi, stipendiyalar, ijtimoiy imtiyozlar va qo‘shimcha imkoniyatlar haqida ham atroflicha so‘z yuritildi.
Targ‘ibot uchrashuvlarida faol ishtirok etgan yoshlar universitet hayoti, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, kutubxonalar, to‘garaklar, sport va madaniy tadbirlar haqida qiziqarli ma’lumotlar olishdi. Ko‘plab bitiruvchilar Qo‘qon davlat universitetida ta’lim olish istagini bildirgan holda, ushbu tashrif ularga yangi maqsad va ishonch bag‘ishlaganini e’tirof etdilar.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, universitet targ‘ibot guruhi nafaqat ta’lim imkoniyatlarini targ‘ib qildi, balki yoshlarga hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlash, o‘z ustida ishlash va maqsad sari harakat qilish zarurligi haqida suhbatlar ham olib bordi.
Qo‘qon davlat universitetining bu tashabbusi, albatta, yoshlarning bilimga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi, ularni Vatan ravnaqi yo‘lida mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Targ‘ibot ishlari kelgusida ham boshqa hududlarda davom ettirilishi rejalashtirilgan.