Yoshlar yetakchilari Bo‘stonliqda jam bo‘ldi
28–30-iyul kunlari Toshkent viloyatining go‘zal maskanlaridan biri — Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da “Yetakchilar forumi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur forumda respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarining boshlang‘ich tashkilot yetakchilari ishtirok etdi.
Forum doirasida yoshlar yetakchilari uchun keng qamrovli o‘quv-seminarlar, mahorat darslari va uchrashuvlar tashkil etildi. Soha mutaxassislari tomonidan yetakchilar faoliyatini samarali tashkil etish, psixologik barqarorlikni ta’minlash, jamoani boshqarish, axborot siyosatini yuritish hamda hujjatlar bilan to‘g‘ri ishlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Qo‘qon davlat universiteti nomidan forumda Yoshlar ittifoqi yetakchisi Nozima Davletova ishtirok etdi. U nafaqat faol ishtiroki, balki tashabbuskorligi bilan ajralib turdi. Forum yakunida Nozima Davletova Respublika yetakchilar kengashi a’zosi hamda Farg‘ona viloyati yetakchilari koordinatori etib saylandi.
Forumda nafaqat davlat, balki nodavlat va xalqaro oliy ta’lim muassasalarining ham yoshlar yetakchilari ishtirok etdi. Ular o‘zaro fikr almashish, yangi tashabbuslarni muhokama qilish va kelajakdagi hamkorlik istiqbollarini belgilab olish imkoniga ega bo‘lishdi.
Mazkur forum yetakchilarga faollik, liderlik va mas’uliyatli pozitsiya yo‘lida yangi ilhom va bilimlar berdi. Bu kabi tadbirlar kelajak yetakchilarini tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.