Orqaga
Calendar icon

Sog‘lom turmush tarziga bag‘ishlangan profilaktik tadbirlar o‘tkazildi

Qo‘qon davlat universitetida talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish hamda zararli odatlardan xoli hayot tarzini targ‘ib etishga qaratilgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

Mazkur tadbirlar doirasida soha mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqotlar, ma’ruza va savol-javob uchrashuvlari o‘tkazilib, ishtirokchilarga sog‘liqni asrash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Tadbirda Farg‘ona viloyati 2-sonli narkologiya dispanseri narkolog shifokori Fazliddin Husanov, Qo‘qon shahar 1-oilaviy poliklinikasining oliy toifali shifokori Ziyodaxon Alimova hamda Qo‘qon Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi terapiya kafedrasi bosh o‘qituvchisi, shifokor-terapevt Gavharxon Qodirova ishtirok etdi.

Mutaxassislar o‘z chiqishlarida, avvalo, yurak-qon tomir kasalliklarining kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillar — noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik, stress, zararli odatlar, xususan, tamaki va alkogol iste’moli kabi holatlarga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, giyohvandlik va uning inson salomatligiga, ruhiy holatiga hamda jamiyatga yetkazadigan salbiy ta’siri haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Tadbir davomida sog‘lom turmush tarzining asosiy tamoyillari — muntazam jismoniy faollik, muvozanatli ovqatlanish, to‘g‘ri kun tartibi, ruhiy salomatlikni asrash va zararli odatlardan voz kechish muhim ekani ta’kidlandi. Ishtirokchilarga kundalik hayotda amal qilish mumkin bo‘lgan oddiy, ammo samarali tavsiyalar berilib, kasalliklarning oldini olish har bir insonning o‘z qo‘lida ekani tushuntirildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, zarur maslahatlar oldilar. Bu esa tadbirning interaktiv va samimiy ruhda o‘tganidan dalolat berdi.

Mazkur profilaktik tadbirlar talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush madaniyatini yuksaltirish, kasalliklarning erta oldini olish va sog‘lom avlodni tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.