Orqaga
Calendar icon

Odob-axloq, hurmat va mas’uliyat yoshlar tarbiyasida asosiy mezonlar sifatida ko‘rsatildi

Qo‘qon davlat universiteti Boshlang‘ich va texnologik ta’lim fakultetida talaba-qizlar va pedagog-hodimlar ishtirokida ochiq muloqot va ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir “Qiz bola chiroyi odobi bilan” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, yosh avlodning ma’naviy tarbiyasi va axloqiy qadriyatlarini shakllantirishga qaratildi.

Tadbirda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Barnoxon Xasanova ishtirok etib, qizlar tarbiyasi va odob-axloq masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi. Shuningdek, fakultet professor-o‘qituvchilari, kafedra xodimlari va talaba-yoshlar o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Davra suhbati davomida ishtirokchilar tomonidan qizlarning odobi, ijtimoiy muhitdagi o‘rni, ta’lim va shaxsiy hayotdagi vazifalari haqida so‘z yuritildi. Mutaxassislar yosh avlodni to‘g‘ri axloqiy yo‘lga yo‘naltirish, jamiyatdagi hurmat va mas’uliyat hissini oshirish masalalariga e’tibor qaratish muhimligini ta’kidlashdi.

Shuningdek, suhbati davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar, va Barnoxon Xasanova har bir savolga batafsil javob berib, qizlar hayotida amaliy qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tavsiyalar berdi.

Tadbir yakunida fakultet ma’muriyati va mutaxassislar bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarni muntazam tashkil etish zarurligini ta’kidlab, yosh avlodning ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayd etdilar.

Mazkur davra suhbati talaba-qizlarning odob, axloqiy qadriyat va jamiyatdagi o‘rni haqida chuqur tushuncha hosil qilish, ularni mas’uliyatli va bilimli yoshlar sifatida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim ma’rifiy tadbir sifatida o‘tkazildi.