Orqaga
Calendar icon

“Rektor kubogi 2025”: hazil, ijod va topqirlik sahnasida murosasiz bellashuv


Qoʻqon shahar Musiqali drama teatrida Qo‘qon davlat universiteti tomonidan “Talabalar oyligi” doirasida tashkil etilgan “Quvnoqlar va zukkolar – Rektor kubogi 2025” ko‘rik-tanlovi katta tantana va bayramona ruhda bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tanlov har yili talabalar tomonidan intizorlik bilan kutiladigan eng qiziqarli sahna loyihalaridan biri bo‘lib, bu yil ham o‘zining shukuhli va tomoshabop chiqishlari bilan barchaning e’tiborini tortdi. Universitetning turli fakultetlaridan tuzilgan jamoalar hazil, topqirlik, sahnaviy improvizatsiya va ijodiy g‘oyalar bilan boyitilgan chiqishlarini namoyish etdi.

Tadbirning ochilishida talabalarga motivatsiya, tashabbuskorlik va jamoaviy hamkorlikning ahamiyati ta’kidlandi. Shundan so‘ng jamoalar o‘rtasidagi qizg‘in bellashuv boshlanib, har bir sahna ko‘rinishi tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi. Jamoalarning o‘ziga xos hazili, aktyorlik mahorati, turfa obrazlar va jonli sahna o‘yinlari zalga yig‘ilganlarga chinakam quvonch ulashdi.

Ko‘rik-tanlov jarayoniga hakamlar hay’ati tomonidan professional mezonlar asosida baho berildi. Unda jamoalarning kreativligi, sahna madaniyati, mavzuni yoritish uslubi, chiqishning umumiy ta’sirchanligi va tomoshabin bilan muloqotga kirisha olish mahorati inobatga olindi.

Hakamlar hay’ati qaroriga ko’ra, 1-oʻrin Gumanitar fanlar va tillar fakultetining “Trenddagi yoshlar” jamoasiga, 2-oʻrin Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakultetining “Parvoz” jamoasiga, 3-oʻrin San’at va sport fakultetining “Dadamning jamoasi”ga masib etdi.

Shukuhli taassurotlar, ko‘tarinki kayfiyat va talabalarning serqirra iqtidorlari bilan yodda qolgan ushbu tanlov “Talabalar oyligi”ning eng esda qolarli tadbirlaridan biriga aylandi.