Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universitetida qishki ta’til va o‘quv jarayoni belgilangan tartibda tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrugʻi ijrosini ta’minlash maqsadida Qo‘qon davlat universitetida 2025–2026 o‘quv yili kuzgi semestri doirasida o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.

Buyruqqa muvofiq, universitetda qishki ta’til 2025-yil 28-dekabrdan 2026-yil 10-yanvargacha etib belgilandi. Kuzgi semestr bo‘yicha o‘quv jarayoni va fanlardan nazorat ishlari esa tasdiqlangan grafik asosida 2026-yil 12-yanvardan davom ettiriladi.

Talabalarga kuzgi semestr yakuniy nazoratlari bo‘yicha barcha ma’lumotlar bir hafta muddat ichida yetkazilishi, yakuniy nazorat ishlarining shaffof va talab darajasida tashkil etilishi ta’minlanadi.

Bayram va ta’til kunlarida talabalar xavfsizligi hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, 2025-yil 25-dekabrdan boshlab tyutorlar tomonidan talabalarning doimiy yashash joylariga xavfsiz yetib borishi va qishki ta’til davridagi faolligi yuzasidan doimiy monitoring olib boriladi.

Mazkur chora-tadbirlar o‘quv jarayonining uzluksizligini ta’minlash, ta’lim sifati va talabalarning xavfsizligi ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan.