Adolat va mas’uliyat yo‘lida: Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan tadbir
Qo‘qon davlat universitetida 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan Turon madaniyat markazida ma’rifiy-madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir korrupsiyaga qarshi kurash g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, yoshlar ongida halollik, mas’uliyat va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratildi. Unda universitet prorektori Jasur Azanov, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi boshlig’i Mirzobek Mahmudov, professor-o‘qituvchilar, talabalar va mehmonlar ishtirok etdi.
Dastur doirasida iste’dodli yoshlar va san’atkorlar ishtirokida konsert namoyish etildi, korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida yaratilgan targ‘ibot loyihalari taqdim qilindi. Shuningdek, ijodiy tanlovlarda faol ishtirok etgan, eng yaxshi g‘oya va ishlanmalar mualliflari universitet rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ma’naviy-ma’rifiy chiqishlarda korrupsiyaning jamiyatga ta’siri, uning oldini olish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar, halollik va qonuniylik tamoyillarining ahamiyati borasida muhim fikrlar bildirildi.
Tadbir ishtirokchilariga korrupsiyaga qarshi kurashning samarali usullari, halollik madaniyatini shakllantirish va fuqarolik pozitsiyasining ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Mazkur tadbir talabalar ongida adolat va mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.