Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universiteti rektorining murojaati

Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayevaning talaba-yoshlar, ota-onalar hamda pedagoglarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirishga qaratilgan murojaati

 Qadrli talabalar! Hurmatli ota-onalar, aziz ustozlar va universitet jamoasi!

Bugungi shiddatli zamonda yosh avlodning to‘g‘ri hayot yo‘lini tanlashi, sog‘lom va ma’naviy yetuk bo‘lib ulg‘ayishi — barchamizning eng muhim vazifamizdir. Chunki ertangi kunimiz, jamiyatimizning farovonligi aynan siz, aziz yoshlarning qo‘lida.

Afsuski, dunyo miqyosida giyohvandlik bilan bog‘liq muammolar tobora kuchayib bormoqda. Ayrim yurtlarda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham ba’zan yoshlar bilmagan holda, vaqtincha quvonch yoki yengil yo‘l bilan daromad topish ilinjida bu illatning changaliga tushib qolmoqda. Bu esa eng avvalo ularning kelajagi, salomatligi, oila va jamiyatdagi o‘rniga jiddiy zarar yetkazadi.

Aziz talabalar!

Siz — ertamiz egalari, bilim va taraqqiyotga intilayotgan, orzu va maqsadlari katta avlodsiz. Bir lahzalik qiziqish uchun hayotingizni xavfga qo‘ymang. Shuni yodda tuting: giyohvandlik insonning aqliy salohiyati, sog‘lig‘i va kelajagini yemiradigan eng og‘ir illatlardan biridir. Sizning iroda, intizom va maqsad sari qat’iyat bilan intilish kabi fazilatlaringiz bu balo oldida eng mustahkam qalqondir.

Hurmatli ota-onalar!

Farzand — oilaning eng katta boyligi. Uning kimlar bilan do‘stlashayotgani, nimalar bilan shug‘ullanayotgani, hayotga munosabati — bularning barchasi ota-onaning doimiy e’tiborida bo‘lishi juda muhim. Farzandingizga yaqin bo‘ling, uni qo‘llab-quvvatlang, suhbatdoshi va ishonchli maslahatchiga aylaning. Biz tarbiyada birdam bo‘lsak, yoshlarimizni har qanday xavf-xatardan asrab qolamiz.

Muhtaram ustozlar!

Talabalarning hayotida har bir dars, har bir maslahat, har bir e’tiborli yondashuv iz qoldiradi. Giyohvandlikning oqibatlari, sog‘lom turmush tarzi, ma’naviyat va mas’uliyat haqida ularga ko‘proq tushuntirish bugungi davr talabi hisoblanadi. Bizning vazifamiz — bilim berish bilan birga ularni hayotning qiyin sinovlaridan himoya qila oladigan mustahkam e’tiqod va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmasi bilan qurollantirishdir.

Azizlar!

Bugun bu illatga qarshi kurashda barchamizning birlashishimiz zarur. Giyohvandlikka qarshi kurash — bu faqat mutasaddi idoralar vazifasi emas, balki har bir ota-ona, har bir ustoz, har bir talabaning fuqarolik burchidir.

Qo‘qon davlat universitetining ertangi kuni, Vatanimizning porloq istiqboli — sizning sog‘lom tanlovlaringiz, ongli harakatlaringiz va adolatga bo‘lgan sadoqatingizga bog‘liq.

Keling, birgalikda sog‘lom va nurli kelajakni yarataylik! Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaylik, yoshlarimizni asraylik! O‘zbekistonning ertangi kuni — bugungi hamjihatligimiz va qat’iy pozitsiyamizdadir.

Hurmat bilan,

Qo‘qon davlat universiteti rektori

Dilnoza Xodjayeva