Orqaga
Calendar icon

“Ijod osmonida porlagan quyosh”: Adabiyot dahosi Oybek tavalludiga bag‘ishlangan kecha oʻtkazildi

Qoʻqon davlat universitetining Gumanitar fanlar va tillar fakultetida o‘zbek adabiyotining zabardast vakili, atoqli yozuvchi va olim Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tavalludining 120-yilligi keng nishonlandi. Ushbu sana munosabati bilan fakultetda “Ijod osmonida porlagan quyosh” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda professor-o‘qituvchilar, adabiyotshunoslar, fakultet talabalari hamda adib ijodiga qiziquvchi kitobxonlar ishtirok etdi. Dastlab Oybekning hayoti, uning ijodiy shakllanish jarayoni va o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ma’ruza qilindi. So‘zga chiqqanlar adibning ijodiy yo‘li, ilmiy izlanishlari va badiiy merosining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbir davomida Oybekning yirik romanlari — “Navoiy”, “Quyosh qoraymas”, “Qutlug‘ qon” asarlarining badiiy qiymati, g‘oyaviy yo‘nalishi hamda o‘zbek adabiyoti tarixidagi o‘rni tahlil qilindi. Uning hayotbaxsh qissalari, falsafiy mulohazalarga boy esselari va lirik she’rlari yosh avlodni komillikka chorlovchi manba ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, talabalar tomonidan adib asarlaridan o‘qilgan parchalar, sahna ko‘rinishlari va badiiy chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Oybekning insonparvarlik, vatanparvarlik, adolatparvarlik g‘oyalari talabalarda chuqur taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida adibning boy ijodiy merosini targ‘ib qilish, uning asarlarini chuqur o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish muhim ekani qayd etildi.