“Qo‘qon DU” — Ikkinchi liga chempioni!
Fargʻona shahridagi “Istiqlol” stadionida Fargʻona viloyati birinchiligining Ikkinchi liga boʻyicha hal qiluvchi — katta final bahsi boʻlib oʻtdi. Mazkur bellashuvda “Qoʻqon davlat universiteti” jamoasi “Baland masjid” klubiga qarshi maydonga tushdi.
Tomoshabinlar koʻz oʻngida kechgan bahs nihoyatda murosasiz, keskin hujumlar va yorqin lahzalarga boy boʻldi. Har ikki jamoa chempionlik uchun bor kuchi bilan bellashdi. Biroq oʻyin yakunida “Qoʻqon DU” 4:2 hisobida zafar quchdi va turnirning amaldagi gʻolibiga aylandi.
Gʻalaba jamoaning soʻnggi mavsum davomida olib borgan mehnati, puxta tayyorgarligi va oʻyin taktikasining natijasi sifatida baholandi. Ayniqsa, hal qiluvchi gollarning ijrosi stadiondagi muxlislar olqishiga sazovor boʻldi.
Final uchrashuvi nafaqat chempionlik taqdirini, balki jamoalarning kelgusi mavsumdagi yoʻnalishini ham belgiladi. Zafar quchgan “Qoʻqon DU” jamoasi endilikda yuqori bosqichda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi, bu esa ular uchun yangi imkoniyatlar, yangi maqsadlar va masʼuliyat demakdir.