Orqaga
Calendar icon

Boshlang‘ich ta’limning kelajagi: muammo va yechimlar konferensiya diqqat markazida

Qo‘qon davlat universiteti Boshlang‘ich ta’lim kafedrasida “Boshlang‘ich ta’lim tizimida zamonaviy tendensiyalar va xalqaro baholash tajribasidan: muammo, yechimlar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti, Akademik Bobojon G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti, Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod davlat universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda mutaxassislari ishtirok etdi.

Ilmiy anjuman davomida boshlang‘ich ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish, xalqaro tajriba asosida baholash tizimini takomillashtirish, pedagog kadrlar tayyorlashda innovatsion usullardan foydalanish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ishtirokchilar ta’lim sifatini oshirish, raqamli o‘qitish texnologiyalarini keng qo‘llash, fanlararo integratsiya va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim metodlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi. Konferensiya jarayonida taqdim etilgan ilmiy ma’ruzalar va ilg‘or g‘oyalar kelgusida o‘quv jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.