Siyosiy qatag‘on qurbonlari — tariximizning og‘riqli sahifalari esga olindi
Bugun — o‘z tariximizning eng og‘riqli sahifalarini esga olish, siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan adib va ziyolilarimizni xotirlash kuni sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan Qo‘qon davlat universiteti jamoasi — rektor Dilnoza Xodjayeva, soha prorektorlari, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar Qoʻqon shahridagi “Adiblar xiyoboni”ga tashrif buyurdi.
Bu yerda Amiriy, Nodira, Uvaysiy, Muqimiy, Zavqiy, Furqat, Haziniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qahhor, Usmon Nosir, Charchiy va Sobir Abdulla kabi o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandalariga o‘rnatilgan haykaltaroshlik ishlari har bir tashrif buyuruvchini o‘ziga rom qiladi.
Tadbir davomida ijodkorlar orasida Usmon Nosirning hayoti va ijodi, uning qatagʻon yillarida ko‘rsatgan ma’naviy matonati alohida yodga olindi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan Usmon Nosirning ijodiy merosi, milliy uyg‘onish davri adabiyotidagi hissasi haqida fikrlar bildirildi.
Talaba-yoshlar esa mashhur shoirning she’rlaridan namunalar o‘qib berdi. She’rlar xiyobon sokinligida jaranglab, tarixning og‘ir xotiralari bilan uyg‘unlashdi. Bu nafaqat ma’rifiy, balki tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan daqiqalar bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilari qatag‘on yillarida beayov jazolangan Usmon Nosir xotirasini hurmat bilan yod etib, uning bebaho merosi keyingi avlodlarga yetib borishi, adabiy va tarixiy xotiraning asrab-avaylanishi muhimligini ta’kidladilar.
Bugungi tashrif – nafaqat xotira, balki o‘tmishdan saboq olish, ma’naviy merosni qadrlash va uni yosh avlod qalbida uyg‘otish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlardan biridir.