Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universitetida “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri bo‘lib o‘tdi

17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan Qo‘qon shahar musiqali drama teatrida Qo‘qon davlat universiteti tomonidan an’anaviy “Talabalikka bag‘ishlov” bayram tadbiri keng nishonlandi. Mazkur tadbir yoshlar hayotida muhim voqea sifatida har yili o‘zgacha tantana va ko‘tarinki ruhda o‘tishi bilan ahamiyatga ega.

Tadbir avvalida universitet rektori, professor Dilnoza Xodjayeva sahnaga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Rektor o‘z nutqida talabalarning bilimga intilishi, yutuqlari va universitet taraqqiyotidagi o‘rni haqida so‘z yuritib, ularga muvaffaqiyat va yangi marralarni tiladi.

Bayram dasturida faol, iqtidorli va tashabbuskor talabalar alohida e’tirof etildi. O‘qish, ijod, sport hamda jamoat ishlarida yuksak natijalarga erishgan talabalar sahnaga taklif etilib, ularga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi. Bu esa yoshlarning kelgusidagi muvaffaqiyatlari uchun katta rag‘bat bo‘ldi.

Tadbirning eng qiziqarli lahzalaridan biri sifatida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar — Muxsinbek Moʻminov va Ilhom Ibrohimov, shuningdek, sevimli so‘z ustasi Elmurod Xaqnazarovning ishtiroki tomoshabinlarga unutilmas daqiqalar hadya etdi. Ularning kuy-qo‘shiqlari, hazil-mutoyibalari va jonli chiqishlari bayramga yanada fayz va zavq bag‘ishladi.

Shukuhli tarzda o‘tgan “Talabalikka bag‘ishlov” bayrami talabalar qalbida yorqin taassurotlar qoldirib, Xalqaro talabalar kunining haqiqiy bayramona ruhda nishonlanishiga xizmat qildi.