Rektor zamonaviy raqamli dastgohlar, innovatsion loyihalar bilan tanishdi va talabalar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi
Bugun Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva Aniq fanlar va muhandislik fakultetiga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, fanlar kesimida olib borilayotgan amaliy jarayonlar hamda talabalarning o‘quv muhiti bilan yaqindan tanishdi.
Rektor fakultetning moddiy-texnik bazasi bilan tanishar ekan, fakultetda o‘rnatilgan, Islom taraqqiyoti banki tomonidan yetkazib berilgan zamonaviy raqamli texnologiyalarga asoslangan muhandislik dastgohlari bilan yaqindan tanishib chiqdi. Xususan, metallarga ichki va tashqi yuzalarda ishlov beruvchi kompyuterlashgan tokarlik va frezarlik dastgohlari, gorizontal va vertikal parmalash qurilmalari, shuningdek, lazer yordamida metall kesuvchi moslamalar faoliyati ko‘rib chiqildi.
Mazkur yuqori aniqlikdagi uskunalarda hozirda malakali ustozlar rahbarligida talabalarning laboratoriya mashg‘ulotlari va amaliy ko‘nikmalari muntazam olib borilmoqda. Ushbu jarayon talabalarga nafaqat nazariy bilim, balki ishlab chiqarish talablari asosidagi amaliy tajriba ham berish imkonini yaratmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, endilikda fakultetda mavjud jihozlardan nafaqat ta’lim jarayonida, balki shahar hududi va erkin iqtisodiy zonadagi ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, aholining buyurtmalari asosida mashina va mexanizmlar qismlarini ta’mirlash hamda turli texnik mahsulotlar ishlab chiqarishda ham keng foydalanish mumkin. Bu esa universitetda turli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlik aloqalarini kengaytirish va talabalarning real ishlab chiqarish muhitini o‘rganishiga xizmat qiladi.
Tashrif davimida rektor Dilnoza Xodjayeva yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim sifatini yanada oshirish, amaliy mashg‘ulotlarni takomillashtirish va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator topshiriq va tavsiyalar berdi.
Tashrif davomida joriy o‘quv yilida ilk bor ochilgan Sun’iy intellekt yo‘nalishiga qabul qilingan talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda rektor talabalar bilan suhbatlashib, ularning o‘quv jarayonidagi dastlabki taassurotlari, yo‘nalishga kirishdan ko‘zlagan maqsad va orzulari, shuningdek, sun’iy intellekt sohasida o‘zlarini rivojlantirishga oid rejalari bilan qiziqdi.
Talabalar o‘zlari tahsil olayotgan yo‘nalishning istiqbollari, innovatsion texnologiyalar bilan ishlash imkoniyatlari hamda laboratoriyalar bilan ta’minlangan sharoitlar haqida fikr bildirdilar. Ular sun’iy intellektning tibbiyot, iqtisodiyot, ta’lim, sanoat va kundalik hayotdagi qo‘llanilishi borasida o‘z qarashlarini ham bo‘lishdi.
Rektor Dilnoza Xodjayeva talabalarga mazkur yo‘nalishning kelajakdagi o‘rni va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berar ekan, sun’iy intellekt — raqamli transformatsiya, innovatsiya va global raqobatda asosiy kuchlardan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u talabalarga xorijiy tillarni chuqur o‘rganish, xalqaro onlayn kurslarda faol ishtirok etish, ilmiy izlanishlar olib borish hamda amaliy loyihalarda qatnashish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Uchrashuv samimiy savol-javoblar, taklif va mulohazalar bilan davom etdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bevosita universitet rahbariyatidan javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.