Xumorabonu Mamajonova Islom birdamlik oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritdi
7–21-noyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri VI Islom birdamlik oʻyinlariga mezbonlik qilmoqda. Mazkur nufuzli kompleks musobaqalarda boks yo‘nalishi bahslari boshqa sport turlariga nisbatan ertaroq yakunlandi.
O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan Qo‘qon davlat universiteti San’at va sport fakulteti talabasi, -57 kg vazn toifasida ringga chiqqan Xumorabonu Mamajonova barcha raqiblaridan ustun kelib, musobaqa g‘olibligiga erishdi.
Vakilamiz final bahsida ozarbayjonlik Aynur Mikayilova bilan kuch sinashib, 5:0 hisobida aniq ustunlik bilan g‘alaba qozondi va O‘zbekiston delegatsiyasiga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi.
Xumorabonu Mamajonovaning ushbu yutug‘i nafaqat milliy terma jamoa, balki universitet sportchilarining xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari sifatida katta e’tirofga sazovor bo‘ldi.