Ilmiy izlanishlar sari yo‘l — 2026-yil qabul imtihonlari boshlandi
Bugun Qo‘qon davlat universitetida 2026-yil uchun doktorantura, tayanch doktorantura hamda mustaqil tadqiqotchilik yo‘nalishlariga kirish imtihonlari boshlandi.
Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim bosqichlarida o‘qishni davom ettirish istagini bildirgan 156 nafar nomzod ushbu jarayonda ishtirok etmoqda.
Universitet tomonidan 20 ta ixtisoslik bo‘yicha qabul e’lon qilingan bo‘lib, ular uchun 66 ta kvota ajratilgan. Nomzodlar o‘z sohalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, malakasini oshirish va keyingi ilmiy bosqichlarga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Kirish imtihonlari joriy yilning 22-noyabrigacha davom etishi belgilangan.
Imtihon jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha sinovlar Qo‘qon davlat universitetining YouTube sahifasi orqali real vaqt rejimida onlayn translyatsiya qilinmoqda. Bu esa jarayonda ishtirok etayotgan nomzodlar hamda ularning ilmiy rahbarlari, ta’lim muassasalari vakillari uchun imtihonlarni bevosita kuzatish imkoniyatini yaratadi.
Kirish sinovlari og‘zaki suhbat shaklida o‘tkazilib, unda nomzodlarning ilmiy yondashuvi, tanlagan yo‘nalish bo‘yicha nazariy bilimlari, yangicha fikrlashi, ilmiy takliflari va izlanuvchanlik ko‘nikmalari baholanadi.
Qo‘qon davlat universiteti o‘zida yetishib kelayotgan yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy muhitni yanada rivojlantirish hamda xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu bois oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim bosqichiga qabul jarayonlari nafaqat intellektual raqobat, balki ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim bosqich sifatida e’tirof etilmoqda.