Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universitetida giyohvandlikka qarshi profilaktik tadbir o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkotik jinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Qo‘qon davlat universitetida giyohvandlik va narkotik jinoyatlarga qarshi kurash mavzusida profilaktik suhbat tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Qo‘qon shahar IIB JXX HPB profilaktika katta inspektori mayor S. Yuldashov hamda HPB XQMB katta inspektori, katta leytenant Z. Xayitova ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixofaol moddalarning zararli oqibatlari, ularning inson salomatligi, oilaviy hayot va jamiyat ravnaqiga ta’siri haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, Prezident farmonida belgilangan ustuvor vazifalar — ta’lim muassasalarida psixoaktiv moddalar tarqalishining oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, huquqbuzarlik va giyohvandlik holatlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, profilaktik ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar talabalarga hayotiy misollar, voqealar tahlili orqali giyohvandlikning salbiy oqibatlarini tushuntirib, unga qarshi kurash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki har bir fuqaroning, ayniqsa yoshlarning burchi ekanligini ta’kidladilar.

Tadbir davomida ishtirokchilar giyohvandlik vositalarining aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun belgilangan javobgarlik choralari, shu jumladan Ma’muriy va Jinoyat kodekslaridagi tegishli moddalar haqida ham ma’lumot oldilar.

Suhbat yakunida talabalar o‘rtasida “Sog‘lom fikr — sog‘lom kelajak garovi” shiori ostida savol-javob va fikr almashuv bo‘lib o‘tdi. Profilaktika inspektorlari yoshlarni ogohlikka, huquqbuzarlik va illatlarga qarshi faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishga chaqirdilar.