Orqaga
Calendar icon

Talabalar teatr jamoalari sahnada mahorat sinovidan o‘tdi

Qo‘qon davlat universitetida talabalar teatr jamoalari o‘rtasida “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-festivali o‘tkazildi. Tadbir respublikamiz bo‘ylab Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi, Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Tanlovning asosiy maqsadi — talabalar o‘rtasida teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, badiiy ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda sahna madaniyatini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Universitetning barcha fakultetlaridan jami beshta teatr jamoasi tanlovda ishtirok etdi. Har bir jamoa zamonaviy ijtimoiy mavzular, milliy qadriyatlar va insoniy fazilatlarni yorituvchi sahna ko‘rinishlari bilan chiqish qildi. Talabalar o‘z ijrolarida teatr san’atiga mehr, so‘z kuchi va obrazli tafakkurni yorqin ifoda etdilar.

Tadbir davomida sahnada hayotiy voqealar, yoshlarning orzu-umidlari va jamiyatdagi dolzarb masalalarni aks ettirgan dramatik chiqishlar namoyish etildi. Hakamlar hay’ati a’zolari ijroning tabiiyligi, aktyorlik mahorati, sahna nutqi va obrazni ifodalash kabi mezonlar asosida baholashdi.

Natijada Gumanitar fanlar va tillar fakultetining "Xavoqand" jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Aniq fanlar va muhandislik fakultetining "Kosmos" jamoasi ikkinchi, Boshlangʻich va texnologik taʼlim fakultetining "Kelajak yoshlari" jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Tanlov tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida tashkilotchilar bunday madaniy-ma’rifiy loyihalarni kelgusida ham muntazam ravishda o‘tkazish rejalashtirilayotganini ta’kidladilar.

Mazkur tanlov yoshlar uchun nafaqat sahnaviy tajriba, balki jamoaviy ijod, do‘stlik va san’atga sadoqat timsoliga aylandi.