Universitetda milliy qadriyatlar, ilm va ma’naviyat uyg‘unlashdi
Bugun Qo‘qon davlat universitetida milliy qadriyatlar, ma’naviyat va ijod uyg‘unlashgan kun bo‘ldi. Universitetning Aniq fanlar va muhandislik fakultetida “Milliy qadriyatlar va ularning millat ma’naviyatidagi o‘rni” shiori ostida o‘tkazilgan “Milliy liboslar” hamda “Milliy taomlar” festivali yoshlar qalbida milliy g‘urur va o‘zlikni anglash tuyg‘usini yanada mustahkamladi.
Shu bilan bir qatorda, Gumanitar fanlar va tillar fakultetida ham “Milliy qadriyatlar va ularning millat ma’naviyatidagi o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda professor-o‘qituvchilar va talabalar milliy qadriyatlarning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, ma’naviy merosni asrab-avaylash va zamonaviy hayot bilan uyg‘unlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.
Festival esa milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etish, yoshlarda o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini kuchaytirishga qaratildi. Bayramona tarzda o‘tgan tadbirda talabalar o‘z ijodiy g‘oyalari bilan ishtirok etishdi. Dasturxonlar o‘zbek milliy taomlari — palov, somsa, turli xil shirinliklar bilan bezatilib, mehmonlarga havola qilindi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan “Milliy liboslar” ko‘rgazmasi esa tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Talabalar liboslar orqali xalqimizning boy tarixini, madaniy merosini va estetik didini ifoda etishdi.
Sahna chiqishlari, kuy-qo‘shiqlar, raqslar va she’rlar bayram muhitiga alohida ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Fakultet rahbariyati ta’kidlaganidek, bunday tadbirlar nafaqat talabalar ijodkorligini oshiradi, balki ularni milliy an’analarni qadrlash, o‘z tarixiga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.