Kimyo sohasida innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi
Qo‘qon davlat universiteti Aniq fanlar va muhandislik fakultetida “Kimyoviy texnologiyada texnik-iqtisodiy muammolarning zamonaviy yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda sanoat korxonalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, ilmiy xodimlar, amaliyotchi mutaxassislar, magistrlar va talabalar ishtirok etdilar.
Konferensiya davomida kimyo va kimyoviy texnologiya sohasida dolzarb bo‘lgan masalalar, ilmiy izlanishlar natijalari hamda ularning amaliyotdagi qo‘llanilishi atroflicha muhokama qilindi.
Anjumanda noorganik moddalar va materiallar kimyosi hamda kimyoviy texnologiyasi, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, neft-kimyo va biotexnologiyada energiya hamda resurslarni tejash jarayonlari, mutaxassislar tayyorlashda innovatsion ta’lim texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalanish hamda nanotexnologiyalar yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglandi.
Konferensiya yakunida faol ishtirokchilar va eng yaxshi ilmiy maqola mualliflari diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Mazkur xalqaro anjuman kimyo va texnologiya sohasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish hamda innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.