Orqaga
Calendar icon

Talabalar yashash sharoitlari o‘rganildi

Qo‘qon davlat universitetida talabalarning ijtimoiy farovonligini ta’minlash, ularning xavfsiz va qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida muntazam ravishda ijara xonadonlarida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ushbu jarayon doirasida ijara uylarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, maishiy sharoitlar va mavjud muammolarga amaliy yechim topish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Navbatdagi oʻrganish davomida universitetning talabalarning yashash sharoitlarini nazorat qilish boʻyicha mutaxassisi D. Rafiqova, psixologlar Nargiza Xojanazarova, Nigora Abdullayeva, Qoʻqon shahar Favqulodda vaziyatlar boʻlimi hamda PXB inspektorlari — serjant A. Isaqov va mayor SH. Meliboyev, shuningdek fakultet tyutorlaridan iborat ishchi guruh bir qator manzillarda joylashgan ijara xonadonlarini koʻzdan kechirdi.

Tashrif davomida Guzar, Qo‘qon sadosi, Sarbon va Darxon ko‘chalarida yashayotgan talabalarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishildi. Xonadonlardagi isitish tizimi, elektr va gaz ta’minoti, yong‘in xavfsizligi holati hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi o‘rganildi.

O‘rganish yakunida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Mazkur jarayonlar universitetda talabalarning xavfsizligi va farovonligini ta’minlash borasidagi doimiy e’tiborning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.