Qo‘qon davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston” gazetasi kunlari o‘tkazildi
Qo‘qon davlat universitetida “Gazetalar kunlari” doirasida “Yangi O‘zbekiston” hamda “Pravda Vostoka” markaziy nashrlari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda dastlab ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sharifjon Pulatov so‘zga chiqib, kitob va matbuot mutolaasining yoshlar kamolotidagi o‘rni hamda o‘qish madaniyatini shakllantirishdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nashri hisoblangan “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharririning birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Asrorov so‘zga chiqdi. U mamlakatimizda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar, gazetada yoritilayotgan dolzarb mavzular, nashrning mazmun-mundarijasi va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda “Yangi O‘zbekiston” gazetasi nafaqat bosma shaklda, balki raqamli maydonda ham faoliyat yuritib, o‘z o‘quvchilariga internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ravishda yangiliklar, tahliliy maqolalar, videointervyular va suhbatlarni yetkazib bormoqda.
Samimiy va qizg‘in ruhda kechgan uchrashuv davomida talabalar o‘rtasida viktorina o‘tkazildi. Faol ishtirok etib, savollarga to‘g‘ri javob bergan talabalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Mazkur uchrashuv yoshlarning matbuotga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni milliy nashrlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va o‘qish madaniyatini targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.