Orqaga
Calendar icon

Milliy qadriyatlar festivali — o‘zligimizni e’zozlagan bayram

Qo‘qon davlat universitetining Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakultetida milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimizni keng targ‘ib etish, yoshlar qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida “Milliy qadriyatlar festivali” o‘tkazildi.

Mazkur festival yurtimizning boy madaniy merosi va xalqona an’analarini yoshlar ongiga singdirish, ularni milliy ruhda tarbiyalashga xizmat qildi. Tadbirni fakultet dekani Vahobjon Xo‘jayev ochib berar ekan, milliy qadriyatlar xalqning ma’naviy poydevori, uni asrab-avaylash esa har bir yosh avlodning muqaddas burchi ekanini ta’kidladi.

Festival davomida talabalar o‘z mahoratlarini turli yo‘nalishlarda namoyon etdilar. Milliy raqslar, xalq o‘yinlari, sahna ko‘rinishlari, urf-odat va an’analarni aks ettirgan chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbirning eng qizg‘in pallalari sport bellashuvlari chog‘ida kuzatildi. Ayniqsa, arqon tortish musobaqasi yigitlar o‘rtasida haqiqiy jamoaviylik va bardamlik muhitini yaratdi. Bahslar davomida talabalarning bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, do‘stlik va hamjihatlik ruhi yaqqol sezilib turdi.

Milliy qadriyatlar festivali” — bu nafaqat san’at va sportni birlashtirgan tadbir, balki yoshlar qalbida milliy o‘zlikni anglash, tarixga hurmat va g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlovchi ma’naviy maktabga aylandi.