“Milliy qadriyatlar ko‘rgazmasi” – an’ana va san’at uyg‘unligi
Qo‘qon davlat universitetining Pedagogika va psixologiya fakultetida talabalarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, milliy o‘zlikni anglash hamda urf-odat va an’analarni keng targ‘ib etish maqsadida “Milliy qadriyatlar ko‘rgazmasi” tashkil etildi.
Ko‘rgazmada milliy ruh, qadimiy an’analar nafasi sezilib turardi. Talabalar egnidagi milliy liboslar, xalq amaliy san’ati namunalari, milliy taomlar, oila marosimlariga oid buyumlar, shuningdek, hududlarga xos bezaklar va an’anaviy aksessuarlar barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Har bir chiqishda o‘ziga xos rang, tarix va madaniyat aks etgan tadbir davomida talabalar milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish borasidagi fikrlarini ham bildirdilar.
“Milliy qadriyatlar ko‘rgazmasi” nafaqat san’at namunasiga, balki yoshlarning qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini uyg‘otuvchi ma’naviy maktabga aylandi.