Orqaga
Calendar icon

Yoshlar kuni – tashabbuslar va yangi imkoniyatlar muhokama qilindi

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda har payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilanishi yoshlarning muammolarini joyida hal etish, ularning bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim olishi hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgan muhim tashabbuslardan biridir. Mazkur tashabbus yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Shu munosabat bilan Qo‘qon davlat universitetida Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonovning talaba-yoshlar bilan ochiq muloqoti tashkil etildi. Uchrashuvda universitet rektori Dilnoza Xodjayeva, prorektorlar, professor-o‘qituvchilar hamda ko‘plab talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuv davomida shahar hokimi bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, zamonaviy va sifatli ta’lim olish, kasb-hunar egallash, xorijiy tillarni mukammal o‘rganish, sport bilan muntazam shug‘ullanish, munosib ish o‘rni topish hamda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarini rivojlantirish, bitiruvchi yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda ularning bandligini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi. Bu borada mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh va zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislarni tayyorlash masalasi dolzarb ekanligi alohida urg‘ulandi.

Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslari bilan murojaat qildilar. Yoshlar tomonidan ta’lim sifati, bandlik, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, shahar infratuzilmasi va yoshlar uchun mo‘ljallangan loyihalar yuzasidan ko‘tarilgan masalalarga mutasaddi rahbarlar tomonidan aniq va tushunarli javoblar berildi.

Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning muammolarini bevosita o‘rganish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, eng muhimi esa, yoshlarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, bilim va salohiyatini Vatan ravnaqi yo‘lida safarbar etish zarurligi alohida ta’kidlandi.