Ta’lim sifati va zamonaviy strategiyalar — xalqaro anjumanda muhokama markazida
Qo‘qon davlat universiteti Boshlang‘ich va texnologik ta’lim fakulteti hamda Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi tomonidan “Boshlang‘ich ta’limda zamonaviy ta’lim-tarbiya: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirni Qo‘qon davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sharifjon Pulatov ochib berib, ishtirokchilarni konferensiya ishining boshlanishi bilan tabrikladi. U o‘z nutqida ta’lim-tarbiya jarayonida innovatsion yondashuvlarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajribalarni o‘rganish zarurligini ta’kidladi.
Konferensiyada Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti, Akademik Bobojon G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti hamda Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod davlat universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdilar.
Anjumanda zamonaviy ta’lim strategiyalarini amaliyotga tatbiq etish, xalqaro tajriba almashinuvi, pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ta’lim sifatini oshirish masalalari yuzasidan ilmiy fikrlar va innovatsion g‘oyalar almashildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar boshlang‘ich ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish va o‘quv jarayonini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirdilar.