Psixologik xizmatni tashkil etishda zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi
Qo‘qon davlat universiteti Psixologiya kafedrasida "Oʻzbekistonda taʼlim muassasalarida psixologik xizmatni tashkil etishga zamonaviy yondashuv: nazariya va amaliyot" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ishini Qo‘qon davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sharifjon Pulatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida konferensiyaning dolzarbligini ta’kidlab, psixologik xizmatni tashkil etishda integratsion yondashuvlar, zamonaviy ilmiy-uslubiy tajribalarni qo‘llash, shuningdek, ta’lim jarayonida shaxs rivojiga psixologik ko‘mak berish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Mazkur anjumanda respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda amaliyotchi psixologlar ishtirok etishdi. Tadbirning asosiy maqsadi — ta’lim tizimida psixologik xizmatni yanada takomillashtirish, zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida pedagogik-psixologik muammolarga yechim topish hamda yosh avlodni ma’naviy barkamol qilib tarbiyalashga xizmat qiluvchi samarali takliflarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan mutaxassislar ta’lim tizimida psixologik xizmatning o‘rni va ahamiyatini, yoshlarning ijtimoiylashuv jarayonidagi psixologik omillarni, shuningdek, raqamli texnologiyalar davrida psixologik yordamni tashkil etishning dolzarb masalalarini tahlil qildilar.
Ilmiy-amaliy anjuman globallashuv jarayonida yoshga xos ijtimoiylashuv muammolari, raqamli texnologiyalar asosida ta'lim muassasalarida psixologik xizmatni tashkil etish, XXI asr oilasida etnopsixologik qadriyatlarni rivojlantirish jabhalari va deviant xulqli bolalar bilan ishlashning zamonaviy modeli kabi shoʻbalar boʻyicha ish olib bordi.
Har bir sho‘bada dolzarb mavzularda ilmiy ma’ruzalar tinglanib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Tadbir yakunida faol ishtirok etgan olimlar, o‘qituvchilar va talabalarga tashakkurnomalar hamda sertifikatlar topshirildi.
Mazkur konferensiya nafaqat tajriba almashish, balki respublikamizda psixologik xizmatni yanada rivojlantirish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.