Orqaga
Calendar icon

San’at va ta’lim uyg‘unligi: xalqaro ilmiy-amaliy anjuman

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qo‘qon davlat universiteti San’at va sport fakulteti Cholg‘u ijrochiligi kafedrasida “Cholg‘u ijrochiligi ta’lim integratsiyasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Anjuman ishini Qo‘qon davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sharifjon Pulatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida anjumanning dolzarbligini ta’kidlab, san’at ta’limida integratsion yondashuvlarning ahamiyati, ijrochilik madaniyatini rivojlantirish hamda milliy merosni zamonaviy ta’lim bilan uyg‘unlashtirish masalalariga e’tibor qaratdi.

Mazkur anjumanda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Farg‘ona davlat universiteti, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan — Qirg‘iziston-Turkiya Manas universiteti professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlari xodimlari hamda soha yo‘nalishidagi tashkilotlar vakillari o‘z ilmiy maqolalari bilan faol ishtirok etdilar.

Tadbir davomida “Cholg‘u ijrochiligi va ta’lim integratsiyasi: an’analar, zamonaviy yondashuvlar va innovatsiyalar”, “Cholg‘u ijrochiligi ta’limida xalq ijodiyoti va milliy meros”, “Cholg‘u orqali teatr sahnalarini jonlantirish: musiqa va dramaturgiyaning sintezi”, “Cholg‘u va raqs orqali estetik tarbiyani shakllantirishda integratsiyalashgan yondashuvlar” sho‘balarda olimlarning ma’ruzalari tinglandi.

Anjuman doirasida yosh ijrochilar chiqishlari, ilmiy bahs-munozaralar hamda ta’lim va san’at integratsiyasiga oid ilg‘or tajribalar muhokamasi o‘tkazilib, soha rivojiga doir muhim tavsiyalar ilgari surildi.