Chet tillarni o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qoʻqon davlat universiteti Xorijiy tillar metodikasi kafedrasi hamkorligida “Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda chet tillarni oʻrgatishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda mamlakatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari, ilmiy markazlar hamda nodavlat taʼlim muassasalaridan professor-oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar va amaliyotchi pedagoglar ishtirok etdilar.
Anjuman ishtirokchilari taʼlim tizimida xorijiy tillarni erta yoshdan oʻqitishning dolzarb masalalari, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻquv jarayoniga tatbiq etish, raqamli taʼlim texnologiyalaridan samarali foydalanish, oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda oʻquvchilarda kommunikativ kompetensiyani shakllantirish usullarini muhokama qildilar.
Shuningdek, tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda chet tillarini oʻqitish sohasida olib borilayotgan islohotlar, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan dasturlarning ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdi.
Anjuman davomida professor-oʻqituvchilar tomonidan ishlab chiqilgan yangi ishlanmalar va innovatsion taʼlim resurslari taqdimoti ham oʻtkazildi. Ishtirokchilar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashib, yosh avlodni xorijiy tillarga oʻrgatishda motivatsiyani oshirish va oʻquv jarayonini qiziqarli tashkil etish boʻyicha samarali takliflar bildirdilar.
Anjuman yakunida eng faol maʼruzachilar, innovatsion gʻoyalari bilan ajralib turgan ishtirokchilar hamda ilmiy maqolalari yuqori baholangan mualliflar sertifikat va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Tadbir ishtirokchilari bunday ilmiy-amaliy uchrashuvlar taʼlim sifatini oshirish, yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash va pedagogik tajriba almashish uchun samarali maydon boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidlashdi.