Orqaga
Calendar icon

Qo‘qon davlat universitetida teatr san’ati istiqbollari muhokama qilindi

Bugun, 18-sentabr kuni Qo‘qon davlat universiteti San’at va sport fakulteti San’atshunoslik kafedrasida “Yangi O‘zbekiston – yangi davr teatrlari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, yosh olimlar hamda san’at sohasi vakillari ishtirok etdilar.

Konferensiya ochilishida Umidaxon Boltaboyeva so‘zga chiqib, tadbir ahamiyati haqida to‘xtaldi. Shundan so‘ng teatr san’ati, sahna ijrochiligi hamda zamonaviy estetik jarayonlarga oid qator ilmiy ma’ruzalar tinglandi.

Yalpi majlisda San’atshunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan aktyorlik mahoratini shakllantirish, zamonaviy o‘zbek teatri aktrisalari ijodida sahnaviy talqin, teatrda badiiy estetika, folklorizmning ijrochilik talqini hamda teatr san’atida mavzu va g‘oyaning mutanosibligi kabi mavzularda nutqlar so‘zlandi.

Shuningdek, konferensiya doirasida sho‘ba yig‘ilishlari ham tashkil etilib, unda teatr san’atida ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, sahna va ekran san’atida ta’lim–ijod–ilm hamkorligi, shuningdek, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda san’at va madaniyatning o‘rni kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman nafaqat tajriba almashish maydoni, balki Yangi O‘zbekiston sharoitida teatr san’atining yangi bosqichdagi rivojlanish istiqbollarini belgilashga xizmat qildi.