Qo‘qon davlat universitetida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik o‘rganildi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 351-sonli buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida vazirlik vakili R. Ro‘zmetov Qo‘qon davlat universitetida tashrif buyurib, muassasada kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.
Tashrif davomida universitetning asosiy o‘quv binolari, yordamchi inshootlari hamda texnikum yotoqxonasi batafsil ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv chog‘ida isitish tizimlari, elektr ta’minoti va binolarning issiqlik izolyatsiyasi holati, shuningdek favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik jarayonlari sinchkovlik bilan tahlil qilindi. Aniqlangan kamchiliklar haqida amaliy choralar ko‘rish uchun tegishli topshiriqlar va tavsiyalar berildi.
Universitet yotoqxonasida esa texnika xavfsizligi, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda talabalar uchun qulay yashash sharoitlarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tashrif doirasida universitet rahbariyati bilan kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.
Vazirlik tomonidan olib borilayotgan nazorat va tavsiyalar kuz-qish mavsumida ta’lim muassasalarining xavfsiz va uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlandi.