Orqaga
Calendar icon

Ota-onalar va universitet: kelajak uchun hamkorlik

Qo‘qon davlat universiteti Tabiiy fanlar va iqtisodiyot hamda San’at va sport fakultetida birinchi kursga qabul qilingan talabalarning ota-onalari bilan “Men farzandim kelajagiga befarq emasman” mavzusida uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbirda universitetning birinchi prorektori Ahmadjon Husanov, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, profilaktika inspektori hamda yangi o‘quv yilida talabalikka qadam qo‘ygan yoshlarning ota-onalari ishtirok etdi.

Uchrashuvda oliy ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar, ta’lim jarayoni, talabalar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy va madaniy loyihalar, shuningdek, yoshlarning huquqiy va ma’naviy tarbiyasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida ota-onalarga farzandlarining dars mashg‘ulotlaridagi ishtiroki, intizom va axloq qoidalariga rioya etishlari, turli to‘garak va ilmiy loyihalarda faol bo‘lishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sport va san’at yo‘nalishlarida o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Ota-onalar uchrashuv jarayonida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilaridan batafsil javob oldilar. Uchrashuv samimiy muloqot ruhida o‘tdi.

Bunday tadbirlar talabalar, ota-onalar va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning kelajagi uchun mas’uliyatni oshirish hamda ularni barkamol shaxs sifatida voyaga yetkazishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.