Orqaga
Calendar icon

Qurol-aslaha, xizmat otlari va favqulodda mashg‘ulotlar — talabalar Milliy gvardiyada

Qo‘qon davlat universiteti San’atshunoslik va sport.fakulteti talabalari tyutor D. Sottiyev rahbarligida Qo‘qon shahrida Milliy gvardiya tomonidan o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida ishtirok etdi.

Tadbir dasturi milliy gvardiya o‘quv binosiga tashrif bilan boshlandi. Ishtirokchilar o‘quv maskanining turli bo‘limlari — texnik jihozlar, qurol-aslaha saqlanadigan xonalar va maxsus o‘quv maydonchalari bilan tanishtirildi. Talabalarga turli xil qurol-aslahalar, ularning asosiy xususiyatlari va xavfsizlik qoidalari haqida kengroq ma’lumot berildi hamda amaliy ko‘rsatmalar namoyish etildi.

Shuningdek, xizmat otlari va maxsus transport vositalari alohida e’tibor bilan namoyish etildi. Talabalar xizmat otlarining tayyorlanishi va ularning operativ ishdagi roli, maxsus texnikalarning imkoniyatlari bilan tanishdilar. Maxsus transport va texnika ko‘rgazmasi yoshlarda nafaqat texnologik qiziqish uyg‘otdi, balki operatsion vaziyatlarda texnik vositalarning ahamiyatini tushunishga yordam berdi.

Tadbirning amaliy qismida favqulodda vaziyatlar sharoitida harakat qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ular favqulodda signalga javob, evakuatsiya tartibi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilish kabi elementlarni o‘z ichiga oldi.

Ushbu tashrif talabalarda vatanparvarlik, yurt himoyachilariga hurmat va mas’uliyat ruhini oshirishga xizmat qildi. Tashrif ishtirokchilari Milliy gvardiyaning tayyorgarligi va xizmatchilarning professional yondashuvidan katta taassurot olganlari qayd etildi.