Orqaga
Calendar icon

Talabalar qadimiy kulolchilik san’ati bilan tanishdi

Qo‘qon davlat universitetining 85 nafar talabasidan iborat guruh Rishton tumanidagi mashhur hunarmandchilik markaziga tashrif buyurdi. Mazkur safar Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, fakultet tyutorlari hamda profilaktika inspektori hamkorligida tashkil etildi.

Tashrif davomida talabalar Rishtonning boy tarixiy merosi, qadimiy kulolchilik san’ati hamda milliy hunarmandchilik namunalari bilan yaqindan tanishdilar. Ustalar tomonidan tayyorlanayotgan turli xil sopol buyumlar, milliy naqsh va bezaklar, ularning yaratilish jarayoni amaliy tarzda namoyish qilindi.

Talabalar hunarmandlar bilan ochiq muloqotda bo‘lib, kulolchilik san’atining sir-asrorlari, uning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadriyatlari haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Tashrif nafaqat yoshlarning bilim va dunyoqarashini boyitdi, balki ularni milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat ruhida tarbiyalashga ham xizmat qildi. Bu kabi tadbirlar ijodkorlik salohiyatini rivojlantirish, yoshlarni mehnatsevarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bunday tashriflarni muntazam davom ettirish, talabalarni milliy merosimiz, urf-odat va qadriyatlarimiz bilan kelgusida ham yaqindan tanishtirish maqsad qilingan.