Ota-onalar bilan uchrashuvlar davom etmoqda
Qoʻqon davlat universitetida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar uchun tashkil etilayotgan “Men farzandim kelajagiga befarq emasman” mavzusidagi ota-onalar yigʻilishlari izchil davom etmoqda.
Shu munosabat bilan Pedagogika va psixologiya fakultetida navbatdagi uchrashuv oʻtkazildi. Tadbirda universitet birinchi prorektori Ahmadjon Husanov, fakultet dekani Nigora Erkaboyeva, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” boʻlimi boshligʻi Mirzobek Mahmudov, professor-oʻqituvchilar, fakultetga biriktirilgan profilaktika inspektorlari, talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Uchrashuvni fakultet dekani Nigora Erkaboyeva ochib berib, yangi o‘quv yilida talabalarning taʼlim-tarbiya jarayonidagi ustuvor vazifalar, ota-onalarning masʼuliyati hamda ular bilan doimiy hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, fakultetda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘quv jarayonini zamonaviy talablarga mos tashkil etish borasida ma’lumot berdi.
Birinchi prorektor Ahmadjon Husanov so‘zga chiqib, universitet rahbariyati tomonidan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim sifati va tarbiyaviy jarayonni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni alohida ta’kidladi. U, shuningdek, ota-onalarning farzandlari taqdiriga befarq bo‘lmasliklari, ularning o‘qishi, ijtimoiy hayoti va qiziqishlari bilan yaqindan tanishib borishlari zarurligini qayd etdi.
Uchrashuv davomida ota-onalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Ular farzandlarining bilim olish sharoitlari, fakultetdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit, talabalar turar joyi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Mutasaddi rahbarlar ota-onalarning murojaatlariga javob qaytarib, kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikr bildirdilar.
Tadbir yakunida tomonlar kelgusida bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borish, ota-onalar va universitet o‘rtasidagi samarali aloqalarni mustahkamlash, talabalarning barkamol shaxs sifatida voyaga yetishida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.