Yangi talabalar universitet bilan yaqindan tanishmoqda
Qoʻqon davlat universitetida 1-bosqich talabalariga moʻljallangan Tanishtiruv haftaligi doirasida Gumanitar fanlar va tillar fakulteti tomonidan talabalarga universitet boʻylab tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etildi.
Hafta davomida oʻtkazilgan tadbirda fakultetning yangi talabalariga universitet infratuzilmasi, turli boʻlimlari hamda oʻquv jarayonida foydalaniladigan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, talabalar IT-park, Axborot-resurs markazi, oʻquv xonalari va kafedralar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Ekskursiya jarayonida yoshlar uchun universitet kutubxonasining boy fondi, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida jihozlangan oʻquv xonalari, shuningdek, raqamli iqtisodiyotga oid taʼlim imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berildi. Fakultet jamoasi esa talabalarga oʻqish jarayoni, ilmiy faoliyat va madaniy-maʼrifiy hayotda faol ishtirok etish yoʻllarini koʻrsatib oʻtdi.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, Tanishtiruv haftaligi yangi talabalar uchun universitet hayotiga tezroq moslashish, oʻquv jarayoni va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida aniq tasavvurga ega boʻlish imkoniyatini berdi.
Talabalar esa mazkur tadbir orqali oʻzlarida motivatsiya ortgani, ilm-fan, raqamli iqtisodiyot va boshqa sohalarda faol boʻlish istagi kuchayganini qayd etdilar.